O‘zLiDeP : kichik va o‘rta tadbirkorlikka ajratilgan kreditlar hajmi oshgan
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2025-yilda bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilindi.
Deputatlar partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, Davlat dasturining barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratdi.
Jahon miqyosida ishlab chiqarish va transport-logistika zanjirlari uzilgan, xomashyo va moliyaviy resurslar narxi oshgan sharoitda ham mamlakatimiz iqtisodiyoti ishonchli va barqaror o‘sishda davom etib, makroiqtisodiy o‘sishni ta’minlashga xizmat qilgani alohida qayd etildi.
Xususan, 2025-yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 107,7 foizga oshib, 147,1 mlrd AQSH dollariga yetgan. Eksport esa ilk bor 33,8 mlrd. dollarga yetgan. Jami qiymati 43,1 mlrd. AQSH dollari bo‘lgan xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, o‘tgan yilga nisbatan 124 foizga o‘sishga erishilgan.
Deputatlar Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarning ijrosini so‘zsiz ta’minlash, doimiy va qat’iy monitoring olib borish maqsadida hukumat tomonidan barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilganini ta’kidladilar.
Davlat byudjeti daromadlarining sezilarli o‘sishi, ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan xarajatlarning oshirilishi ta’lim, sog‘liqni saqlash va suv xo‘jaligi kabi muhim tarmoqlarni izchil qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilgani urg‘ulandi.
—Investitsiya va moliyaviy faollik iqtisodiyotning barcha sohalarida o‘sish drayveriga aylandi, — dedi fraksiya a’zosi Otabek Musurmonov. — Xorijiy investitsiyalar hajmining keskin ko‘payishi, yirik loyihalarni ishga tushirish va ko‘plab yangi ish o‘rinlarining yaratilishi sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalarida yuqori sur’atlarni ta’minladi. Kichik va o‘rta tadbirkorlikka ajratilgan kreditlar hajmining oshishi esa iqtisodiy faollikni joylarda kengaytirishga xizmat qilayotir.
Fraksiya yig‘ilishida Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsman)ning 2025-yildagi bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi ham ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2021-yil 9-avgustdagi Farmoniga muvofiq, ta’sis etilgan Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) bolalar murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini tiklashda mustaqil milliy institut sifatida alohida o‘rin tutib kelyapti.
Bolalar ombudsmani ma’ruzasiga ko‘ra, 2025-yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 1934 ta murojaat kelib tushgan.
Vakilga bolalar tomonidan 42 ta murojaat yo‘llangan bo‘lib, bu jami murojaatlarning 2,17 foizini tashkil etgan. 2025-yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning 35 ta shaxsiy qabulida 141 ta fuqarolar qabul qilinib, ularning murojaati ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, o‘tgan davrda bolaning moddiy ta’minoti yuzasidan jami 403 mln.745 ming so‘mlik aliment qarzdorligi undirishga ko‘maklashilib, 52 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga davlat boji va boshqa to‘lovlarsiz ID-kartalar rasmiylashtirilishiga amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Fraksiya a’zolari Vakilning 2025-yildagi faoliyati bo‘yicha ma’ruzasi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, bola manfaatlarini ta’minlash faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdilar.
Munozaralardan so‘ng, ko‘rib chiqilgan har ikkala masala ham deputatlar tomonidan ma’qullandi.