Yoshlar kelajagi uchun yangi muhim tashabbuslar va katta imkoniyatlar
“Ko‘ksaroy” qarorgohida Prezidentimiz yoshlar bilan muloqotda bandlikni ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va zamonaviy kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Har yili 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelayotgani, 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 1 millionga yetishi ta’kidlanib, yoshlarga munosib ish va daromad manbai yaratish ustuvor vazifa ekani qayd etildi.
Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi, kredit miqdorlari sezilarli oshirilishi, 10 milliard so‘mgacha moliyalashtirish imkoniyati yaratilishi, innovasion startaplar uchun 100 ming dollargacha investisiya kiritishga ruxsat berilishi muhim qadam bo‘ldi. “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida 7 yillik 15 foizli kreditlar, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar va biznesini kengaytirmoqchi bo‘lganlar uchun alohida moliyaviy paketlar joriy etildi.
Shuningdek, har bir hududda “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil qilinib, yoshlarga g‘oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, marketing va bozorga chiqish bo‘yicha kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi. “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi doirasida nufuzli xorijiy universitetlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, eng yaxshi loyihalarga imtiyozli ssudalar va venchur mablag‘lari ajratiladi. Banklar tomonidan konsalting kompaniyalari tashkil etilib, minglab yoshlarga biznes reja tayyorlashda ko‘mak beriladi.
Kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish, “dual ta’lim”ni kengaytirish, texnikum va oliygohlarda startaplarga 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratish, xorijiy til sertifikati olgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi choralar yoshlarning bilim va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, xususiy o‘quv markazlari va zamonaviy o‘quv loyihalari uchun soliq imtiyozlari va kommunal xarajatlarni qoplash mexanizmlari joriy etildi.
Umuman olganda, mazkur tashabbuslar yoshlarga o‘z biznesini boshlashi, startaplarni rivojlantirish, zamonaviy kasb egallash va xalqaro tajriba orttirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. O‘zLiDeP ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik va innovasion g‘oyalarni rag‘batlantirishni o‘z saylovoldi dasturida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilagan. Shu boisdan, partiyamiz yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan bunday islohotlarni izchil qo‘llab-quvvatlaydi.
Aktam Xaitov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O'zLiDeP fraksiyasi rahbari