Asosiy kontentga o‘tish
Payshanba 12-fevral 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Sud qarorlarining samaradorligi oshadi

11.02.2026
39

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab davlatimiz rahbarining Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining taklifiga binoan shu yil 5-6-fevral kunlari ushbu mamlakatga davlat tashrifining ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Deputatlar mazkur tashrif ikki tomonlama munosabatlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan muhim qadam bo‘lganini, uning doirasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport-logistika bog‘liqlikni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishilganini qayd etdilar.

—Ushbu tashrif O‘zbekiston – Pokiston strategik sherikligini mazmun jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi, — dedi fraksiya a’zosi Adham Nazirqulov.—Ayniqsa, muzokaralar yakunida imzolangan Qo‘shma deklaratsiya va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha 30 ga yaqin muhim hujjatlar bu hamkorlikning mustahkam huquqiy va amaliy asosini yaratdi. Erishilgan kelishuvlar nafaqat ikki mamlakat, balki butun Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida barqarorlik, taraqqiyot va o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda fraksiya a’zolari fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlari uchun sudlarga murojaat qilishda yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qildilar.

Ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslarga, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga, shuningdek, “Sudlar to‘g‘risida”gi hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, ma’muriy sud ishlarini yuritishda huquqi buzilgan shaxsning tanloviga ko‘ra, iqtisodiy sud ishlarini yuritishda esa taraflarning kelishuviga asosan eksterritorial sudlov mexanizmini joriy etish taklif etilmoqda. Bunda ishni eksterritorial tartibda ko‘radigan sud avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Fraksiya a’zosi, qonun loyihasiga mas’ul deputat Oybek Yuldoshevning ma’lum qilishicha, loyiha bilan iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali ular faoliyati samaradorligini oshirish hamda yagona sud amaliyotini shakllantirish ham maqsad qilingan. Buning doirasida tumanlararo, tuman va shahar iqtisodiy sudlari tugatilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda viloyat markazlarida tumanlararo iqtisodiy sudlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda.

Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi sudga murojaat qilishdagi ortiqcha ovorgarchiliklarni kamaytirish, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, sud qarorlarining sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilishini e’tiborga olib, uni qo‘llab-quvvatladilar.

Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?