O'zLiDeP ishchi guruhi: tadbirkorlarning mahsulot sifati, tannarx va qonunchilik bo‘yicha takliflari o‘rganildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini o‘rgandi.
Xususan, Qarshi shahrida joylashgan “Langar vater” MCHJ faoliyati bilan tanishuvda spirtsiz ichimliklar, jumladan mineral va ma’danli ichimlik suvlari ishlab chiqarish jarayonlari o‘rganildi. Korxona faoliyati mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashga qaratilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, ichimlik suvini qadoqlashda QR (CR) kodlarni joriy etish bo‘yicha amaldagi qonunchilikda ayrim noaniqliklar va ortiqcha ma’muriy yuklama mavjudligi ta’kidlandi. Ekologik toza va minerallarga boy suvlar ishlab chiqarishni kengaytirish uchun me’yoriy talablarni soddalashtirish zarurligi bildirildi.
Ishchi guruh Qarshi shahridagi “UzShoes” MCHJ qo‘shma korxonasi faoliyatini ham o‘rgandi. Belarus hamkorlari bilan tashkil etilgan mazkur korxona zamonaviy texnologiyalar asosida poyabzal ishlab chiqarib, mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarga eksport qilmoqda.
O‘rganishlar yakunlariga ko‘ra, sun’iy intellekt va innovasion yechimlarni joriy etish ijobiy holat sifatida baholandi. Ayni paytda, xalqaro raqobat kuchayib borayotgani mahalliy korxonalardan mahsulot sifatini oshirish, tannarxni pasaytirish va me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirishni talab etayotgani qayd etildi.