Asosiy kontentga o‘tish
Dushanba 29-dekabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va milliy taraqqiyotning ustuvor mezoni

29.12.2025
59

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomasi mazmun-mohiyati, qamrovi va strategik ahamiyati bilan mamlakatimiz hayotida alohida o‘rin tutadi. U nafaqat o‘tgan yil yakunlari yoki kelgusi rejalar bayoni, balki xalq bilan ochiq va samimiy muloqot, ishonchga tayangan aniq yo‘l xaritasi, Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etishga qaratilgan umummilliy da’vatdir.

Murojaatnomada so‘nggi to‘qqiz yilda bosib o‘tilgan taraqqiyot yo‘li aniq raqamlar va amaliy natijalar asosida yoritib berildi. Iqtisodiyot, ijtimoiy himoya, infratuzilma, ta’lim, tibbiyot, raqamlashtirish va tashqi siyosat sohalarida “gapdan amalga” tamoyili ustuvor ekani yaqqol namoyon bo‘ldi. Eng muhimi, olib borilayotgan islohotlar samarasi har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson hayotida sezilmoqda.

Murojaatnomaning bosh g‘oyasi va mafkuraviy asosi inson qadridir. Kambag‘allikni qisqartirish, doimiy ish o‘rinlari yaratish, ta’lim va inklyuziv ta’limni rivojlantirish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi uchun teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar davlat siyosati markazida inson turganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ayniqsa, 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi xalqimizga xos hamjihatlik, o‘zaro mas’uliyat va birdamlik qadriyatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Zero, mahalla tinchlik, mehr-oqibat va adolat manbai. Mahalla rivojlansa, jamiyat barqaror bo‘ladi, mamlakat yuksaladi.

Murojaatnomada belgilab berilgan olti ustuvor yo‘nalish - mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozorini shakllantirish, ekologik muvozanatni ta’minlash hamda zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimini barpo etish - Yangi O‘zbekistonning strategik manzilini aniq belgilab berdi. Bu yo‘nalishlar orzu yoki shior emas, balki puxta hisob-kitob, real imkoniyat va qat’iy siyosiy irodaga tayangan amaliy strategiyadir.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Murojaatnoma jamiyat hayotida davlat va xalq o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlovchi, fuqarolarni umummilliy maqsadlar atrofida birlashtiruvchi muhim siyosiy-strategik hujjat sifatida namoyon bo‘lmoqda. U faqat davlat boshqaruvi organlari uchun dastur emas, balki keng jamoatchilik uchun yo‘l-yo‘riq, mas’uliyat va faol ishtirokka chorlovchi qo‘llanmadir.

Murojaatnoma jamiyatda ochiqlik, mas’uliyat va ishtirok madaniyatini kuchaytirib, “davlat jamiyat inson” o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqmoqda. Inson qadrini oliy qadriyat sifatida e’tirof etish, qonun ustuvorligi, ijtimoiy adolat va korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashishga qaratilgan aniq vazifalar esa fuqarolarning davlat siyosatiga ishonchini yanada oshirmoqda.

Shu ma’noda, Murojaatnoma jamiyatni birlashtiruvchi, safarbar etuvchi va ilhomlantiruvchi kuchga ega dasturiy hujjatdir. U har bir fuqaroni Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashashga, o‘z mas’uliyatini chuqur anglab, umumiy taraqqiyotga munosib hissa qo‘shishga undaydi.

Zero, belgilangan yuksak marralarga erishish faqat davlat sa’y-harakatlari bilan emas, balki jamiyatning birdamligi, faolligi va ishonchi bilan amalga oshadi. Ana shu birdamlik esa Yangi O‘zbekistonning eng mustahkam tayanchi va kelajakdagi muvaffaqiyatlarining kafolatidir.

 

Bir bo‘lsak barchasiga qodirmiz.

 

J.Jumayev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?