Asosiy kontentga o‘tish
Shanba 21-fevral 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Xalq salomatligi — eng ustuvor vazifa

20.02.2026
109

Davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan 2026-yilgi Davlat dasturi mamlakat taraqqiyotining barcha sohalarini qamrab olgan, eng avvalo, inson salomatligi va farovonligini ustuvor maqsad sifatida belgilagan strategik hujjatdir. Unda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil nafaqat shior, balki amaliy harakat dasturi sifatida namoyon boʼlmoqda. Аyniqsa, tibbiyot sohasida koʼzda tutilgan keng qamrovli islohotlar xalqimiz hayoti sifatidagi real oʼzgarishlarni taʼminlashga xizmat qiladi.

Sogʼlom avlodni tarbiyalash — har qanday davlatning eng muhim strategik vazifasidir. Davlat dasturida onalik va bolalikni muhofaza qilishga alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emas. 3 yoshdan 18 yoshgacha boʼlgan 10 million nafar bolani onkogematologik kasalliklarni barvaqt aniqlash boʼyicha ommaviy skriningdan oʼtkazish rejasi — bu shunchaki tibbiy tadbir emas, balki millat genofondini asrashga qaratilgan ulkan qadamdir.

Shuningdek, yangi tugʼilgan chaqaloqlar uchun audioskrining qamrovining kengaytirilishi, homilador va emizuvchi ayollarni yod preparatlari bilan taʼminlash, reproduktiv yoshdagi xotin-qizlarga temir va foliy kislotasi tarqatilishi — bularning barchasi sogʼlom avlod zanjirini shakllantirishga xizmat qiladi. Erta profilaktika kelajakda ogʼir kasalliklarning oldini olish, nogironlikni kamaytirish va aholi umr davomiyligini oshirishga zamin yaratadi.

Onkologik kasalliklar bugun dunyo miqyosida dolzarb muammolardan biri boʼlib qolmoqda. Shu bois Davlat dasturida mazkur yoʼnalish ustuvor vazifalar qatoriga kiritilgan. Yiliga yuz minglab ayollarni qamrab oladigan bachadon boʼyni va koʼkrak bezi saratoni skrininglari — bu minglab hayotlarni saqlab qolish imkonini beradigan tizimli choralardir.

Аyniqsa, “tezkor yoʼlak” (fast-track) mexanizmining joriy etilishi tibbiyotda sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab bermoqda. Endi saraton tashxisi qoʼyilgan bemorlar ortiqcha qogʼozbozlik va navbatlar tufayli vaqt yoʼqotmaydi. Tashxis qoʼyilgan zahotiyoq davolash jarayoni boshlanadi. Bu esa eng qimmat neʼmat — inson hayotini asrashga xizmat qiladi.

2026-yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilingani tibbiyot tizimiga ham yangi yondashuvlarni olib kirmoqda. Endi tibbiy xizmatlar faqat shifoxona devorlari ichida emas, balki aholi yashaydigan muhitning oʼzida — mahallalarda koʼrsatiladi.

Birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati kuchaytirilib, patronaj tizimi takomillashtirilmoqda. Shifokorlar va hamshiralar aholining salomatlik holatini uyma-uy oʼrganib, kasalliklarni erta bosqichda aniqlashga qaratilgan profilaktik ishlar olib boradi. Mikronutrient kukunlari, profilaktik dori vositalarining bepul tarqatilishi esa kam taʼminlangan oilalar uchun muhim ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash hisoblanadi. 

Bu orqali aholining dorilarga sarflaydigan xarajatlari kamayib, turmush darajasi oshadi. Eng muhimi, tibbiyot aholiga yanada yaqinlashadi.

Sogʼliqni saqlash tizimini raqamlashtirish davlat dasturining muhim yoʼnalishlaridan biridir. Elektron tibbiy kartalar, onlayn navbat tizimi, masofaviy konsultatsiyalar joriy etilishi fuqarolar uchun vaqt va mablagʼni tejaydi. Shu bilan birga, tibbiy xizmatlar sifati ustidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini kuchaytirish imkonini beradi.

Raqamli texnologiyalar korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, budjet mablagʼlaridan samarali foydalanish va tibbiy muassasalar faoliyatining ochiqligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Biz, deputatlar Davlat dasturida belgilangan vazifalarning toʼliq va sifatli ijrosini taʼminlashni oʼz oldimizga ustuvor maqsad qilib qoʼyganmiz. Har bir hududda amalga oshirilayotgan ishlar, ajratilayotgan mablagʼlarning manzilli sarflanishi, aholi roziligi — doimiy parlament nazoratida boʼladi. Zero, Davlat dasturining haqiqiy samarasi hisobotlarda emas, balki odamlar hayotida namoyon boʼlishi kerak. Аgar har bir oila tibbiy xizmatlardan rozi boʼlsa, har bir ona farzandi sogʼlom oʼsib-ulgʼayganini koʼrsa — demak, maqsadimizga erishgan boʼlamiz.

2026-yilgi Davlat dasturi sogʼliqni saqlash tizimida tub burilish yasaydigan, inson salomatligini davlat siyosati darajasiga koʼtargan tarixiy hujjatdir. Uning markazida — inson, uning hayoti va baxtli kelajagi turadi.

 

Sevara UBАYDULLАEVА,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?