Asosiy kontentga o‘tish
Juma 06-mart 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Surxondaryoda iqtisodiy yuksalishning yangi sahifasi

04.03.2026
73

Davlatimiz rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi yangi tashabbuslarga keng yo‘l ochdi. Respublikamizning janubida joylashgan hududning transport-logistika salohiyati, agrar imkoniyatlari va chegaraoldi savdosini kengaytirish imkoniyatlari katta ahamiyatga ega.

Ma’lumki, Surxondaryo agrar hudud hisoblanadi. Viloyatda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish orqali yiliga 3-4 marta hosil olish mumkin. Termizda tashkil etilgan “Tomorqa maktabi” faoliyati viloyatning boshqa tumanlarida ham tashkil etilishi va ular orqali yiliga 10 ming nafar aholini o‘qitish rejalashtirildi.

Ushbu maskanda ishsiz va kam ta’minlangan oilalarning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashiladi. Viloyatda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 44 ta yirik loyihaning ishga tushirilishi e’tiborga molikdir. Bu loyihalar sanoat, xizmat ko‘rsatish, energetika, turizm va boshqa sohalarni qamrab olgan bo‘lib, 18 mingdan ko‘p yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Yana bir muhim jihat, Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “To‘palang” suv ombori suvidan foydalanish hisobiga esa bugungi kunda o‘nta tuman va Termiz shahridagi jami 563 ming aholiga ichimlik suvi yetkazib berilmoqda. Bu aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondiryapti.

Davlatimiz rahbari Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishib, aholi bilan samimiy muloqot qildi. Muloqotlar chog‘ida fuqarolarning taklif va muammolari tinglanib, ularni joyida hal etish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.

Viloyatni kompleks rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda yangi ijtimoiy va iqtisodiy dasturlarning amalga oshirilishi hamda xalqning ijtimoiy farovonligini yuksaltirish borasida ustuvor vazifalar belgilab berildi. Hududda kambag‘allikni 2,8 foizga, ishsizlikni 4,5 foizga tushirish, Termiz shahri, Angor, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq va Muzrabodni “kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish muhim ekani urg‘ulandi.

Shuningdek, yo‘l infratuzilmasini yangilash bo‘yicha topshiriqlar ham berildi. Koreyalik hamkorlar bilan zamonaviy tezyurar poyezdlar olib kelish bo‘yicha kelishuvga erishilgani aytilib, Termiz – Istanbul, Termiz – Dubay yo‘nalishlarida yangi reyslar qo‘yilishi belgilandi.

Yig‘ilishda viloyatni yanada barqaror iqtisodiy rivojlantirish, qurilishni obodonlashtirish, turizm, qishloq xo‘jaligi, investitsiya, ta’lim-tarbiya masalalariga ham alohida e’tibor qaratilib, tegishli mas’ullarga topshiriq va vazifalar berildi.

Prezidentimizning ushbu tashrifi Surxondaryo viloyatini yanada barqaror iqtisodiy rivojlanishiga, yangi imkoniyatlar yaratish va aholining hayot sifati bo‘yicha yangi bosqichga ko‘tarilishida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Shoira RAJABOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?