Aktam Xaitov: Aholi soni izchil o‘sayotgan bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dolzarb masala
Oziq-ovqat xavfsizligi butun dunyo mamlakatlari oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri sanaladi. Chunki aholi soni izchil o‘sayotgan bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dolzarb bo‘lib bormoqda.
Global iqlim o‘zgarishlari, tabiiy ofatlar, yer va suv resurslari taqchilligi qishloq xo‘jaligi sohasida ham jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Yurtimizda bu masala davlat siyosati darajasiga olib chiqilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.
So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi rivojiga berilayotgan yuksak e’tibor, sohaga doir qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlar barqaror rivojlanish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilayotir. Xususan, 2025 yil 3 fevral kuni qabul qilingan “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun xalqimizning oziq-ovqat xavfsizligini kafolatli ta’minlashga qaratilgan tarixiy hujjat bo‘ldi. Zero, unda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha umumiy qoidalar, sohani tartibga solish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, iste’molchilarning, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari aks etdi.
2025 yilni mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb e’lon qilingani va bu yilgi Davlat dasturi sohani barqaror rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligida “yashil” texnologiyalarni qo‘llash, ekologik toza mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Sohaga ilg‘or agrotexnologiyalar, ilm-fan va innovatsiya yutuqlari ham keng joriy etilayotgani ijobiy natija beryapti. Masalan, kyeyingi uch yilda 250 ming gektar paxta va g‘alla yeri oziq-ovqat yetishtirishga berilib, 160 ming gektar yangi bog‘ va tokzor barpo etildi. Eskirgan 107 ming gektari yangilangan holda, 1 milliard dollarlik 1,5 mingta oziq-ovqat loyihasi ishga tushirildi.
Yuz ming tonna saqlash, 70 ming tonna quritish, 46 ming tonna saralash va qadoqlash quvvatlari yaratildi. Natijada o‘tgan 6 oyda oziq-ovqat eksporti 44 foiz o‘sib, 1 milliard 326 million dollar bo‘ldi. Eksport geografiyasi esa 16 ta davlatga ko‘paydi.
Bugungi kunda dehqonu fermerlarimiz barcha shart-sharoitlarga ega. Jumladan, ekin-tekin uchun urug‘lik, mineral o‘g‘it va boshqa zaruriy resurslar bevosita fermerning dalasi boshigacha yetkazib berilib, barcha turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Ular moliyaviy jihatdan ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Har oyning oxirgi haftasida hududlarda bo‘lib, tadbirkorlik sub’yektlari, fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishamiz. Nazorat-tahlil tadbirlari doirasida ham ularning fikr-mulohazalari, takliflarini eshitamiz. Fermerlarimizning davlatimiz rahbari tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash yo‘lida qilayotgan mehnatlari, bozorlarimiz to‘kinligiga qo‘shayotgan hissasi e’tiborga molik.
Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar xalqaro miqyosda e’tirof etilayotgani, jumladan, shu oyda O‘zbekiston BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti — FAO Kengashi a’zoligiga saylangani ham mazkur tarmoqda o‘z vaqtida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Bu a’zo davlat sifatida yangi xalqaro tashabbuslarni ilgari surish va investisiyalarni jalb etishda mamlakatimiz uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Prezidentimiz raisligida shu yil 30 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish masalalari muhokama qilinib, ushbu sohadagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi. Bildirilgan fikrlar mamlakat agrar siyosatida yangi bosqichga o‘tish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Albatta, oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiy xavfsizlik uchun muhim bo‘lgan issiqxonada mahsulotni ko‘paytirish borasida ustuvor vazifalar belgilab berilgani bejiz emas. Chunki oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiy xavfsizlik masalasidir. Endilikda issiqxonalar, toifasidan qat’i nazar, yer solig‘ini qishloq xo‘jaligi yerlari stavkasida to‘lashi hozirgi kunda issiqxonalarni moliyaviy qiyin vaziyatga tushirgan muammoning to‘g‘ri yechimi bo‘ldi.
Yana bir yangilik: 2028 yilga qadar issiqxona ishchilari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi. Bu yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga xizmat qiladi.
Ma’lumki, dukkakli mahsulotlar eng katta eksport zaxiralardan biri. Har yili 450 million dollarlik loviya, mosh, tariq va no‘xat eksport qilinayotgani e’tiborga molik. Lekin ishchi kuchi yetishmagani uchun hosilning 30 foizi to‘kilib, isrof bo‘layotgani, katta miqdorda eksport imkoniyati boy berilayotgani bu borada zarur choralar ko‘rishni taqozo etadi. Bu orqali eksport hajmi yanada kengayib, ichki bozorda narx-navo barqaror, sohadan daromad olish ko‘rsatkichlari ham ancha yuqori bo‘ladi.
Rivojlangan mamlakatlarda fermerlar dukkakli ekinlarni maxsus kombayn bilan yig‘ishtiradi. Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan bunday texnikalarga 15 foizgacha subsidiya berilishi, kredit stavkasining 10 foizdan oshgan qismi ham qoplanishi fermerlarimiz uchun keng imkoniyatlar yaratib, ularni faollikka chorladi.
Eksportchilar tashishga ortiqcha xarajat qilmasligi uchun bojxona rejimida qayta ishlangan mahsulotni istalgan postdan eksport qilish imkoniyati yaratilayotgani partiyamiz elektorati bo‘lgan tadbirkorlar va ishbilarmonlar uchun katta imkoniyat va rag‘bat bo‘ladi. Bu imtiyoz va imkoniyatlar mas’uliyatimizni ham oshirishi kerak.
Hozirgi kunga qadar 200 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingani katta samara berdi. Bu orqali 420 million kubmetr suv iqtisod qilinib, qo‘shimcha 65 ming gektarda meva-sabzavot yetishtirish imkoniyati yaratildi. Ushbu ishlar uchun o‘tgan yili 2,6 trillion so‘m, joriy yil esa 1,2 trillion so‘m sarflandi.
Yil yakunigacha yana 10 ming gektarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yish, 200 ming gektarni lazerli tekislash uchun 1 mingta texnika xarid qilish rejalashtirilgan. Bu o‘z navbatida, suvni asrab-avaylash, uning har tomchisidan unumli foydalanish, xosildorlikni oshirishga turtki beradi.
Dala chetiga ekin ekish, kooperatsiyalar bo‘yicha qonunlar va Suv kodeksining qabul qilingani suv tanqisligi sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Shu ma’noda, biz, deputatlar, mahalliy kengash vakillaridan qishloq xo‘jaligida daromadni oshirish, eksportni rag‘batlantirish, tadbirkorlarni standartlar joriy qilish va sertifikat olishga o‘rgatish bo‘yicha faol bo‘lib, qonunchilikka oid yangi taklif berishimiz talab etiladi.
Biz partiyamiz elektorati bo‘lgan tadbirkorlar va fermerlar uchun muhim bo‘lgan mazkur masalalarda, jumladan, qonunlarni takomillashtirish va ijrosini ta’minlash borasida hukumat idoralari bilan faol hamkorlikda ish olib borishimiz lozim.
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari.