O‘zbekiston — Turkiya: o‘zaro hamkorlikning yangi ufqlari
O‘zbekiston bilan Turkiyani mushtarak til va tarix, o‘xshash madaniyat va an’analarga asoslangan yaqin do‘stlik va qardoshlik munosabatlari birlashtirib turadi.
Turkiya — O‘zbekiston munosabatlari Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan va 1992-yil 4-martda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon izchil institutsionallashuv yo‘lini bosib o‘tdi. Ikki tomonlama aloqalar dinamikasi keyinchalik strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
So‘nggi yillarda davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar yangi bosqichga chiqdi. Xususan, o‘tgan yili o‘zaro savdo 3 mlrd. dollardan oshgan bo‘lsa. investitsiyalar qariyb 10 mlrd. dollarni tashkil etdi. Qo‘shma korxonalar soni esa 2,2 mingdan ortdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimida turkiy hamkorlikning strategik ahamiyatini anglashni oshirishga xizmat qiladi.
Zero, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an raisligida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi ikki tomonlama munosabatlarda butunlay yangi davrni boshlab berdi. Bu uchrashuv nafaqat siyosiy, balki savdo-iqtisodiy, madaniy, til va mafkuraviy jihatdan ham g‘oyat muhimdir.
Ayniqsa, yig‘ilish yakunida Qo‘shma bayonot va hamkorlik mexanizmlari bo‘yicha qaror imzolangani, sog‘liqni saqlash, ta’lim va harbiy tibbiyot, iqtisod-moliya, konchilik, transport yo‘laklari, maxsus iqtisodiy zonalar, yadro xavfsizligi, migratsiya hamda madaniyat sohalarida dasturiy hamkorlik rejasi qabul qilingani alohida e’tiborga molik.
Ushbu tashrif davomida hamkorlikning insonparvar va amaliy qirralari yaqqol ko‘rindi. Davlatimiz rahbari va Turkiya yetakchisi Hatayda O‘zbekiston tomonidan barpo etilgan “O‘zbekiston” turar joy majmuasining ochilishida ishtirok etdi. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlik va samimiy do‘stlikning amaldagi namunasidir.
Shuningdek, Prezidentlar Istanbulning Bekirkyoy tumanida o‘zbek maktabi qurilishini ham boshlab berdilar. Bu o‘z navbatida, O‘zbekistonning xorijdagi ilk ta’lim muassasasi bo‘lib, Turkiyadagi o‘zbek farzandlari uchun ona tili va milliy qadriyatlarni asrashga xizmat qiladi.
Umuman olganda, O‘zbekiston –Turkiya munosabatlari bugun taraqqiyotga xizmat qiladigan kuchli hamkorlik va do‘stlik platformasidir. Davlatimiz rahbarining ushbu davlatga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik vaqt sinovidan o‘tayotgani, odamlarga real foyda keltiradigan aniq, sezilarli harakatlarda namoyon bo‘layotganining yorqin ifodasidir.
Shahnoza XOLMAXAMATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati