Mahallalarda kreativ tadbirkor yoshlar saralanyapti
O‘zLiDeP tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatida yoshlarni tadbirkorlikka jalb etishga qaratilgan “Kreativ tadbirkor yoshlar” loyihasining mahalla bosqichlari o‘tkazilmoqda. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gavxar Olimova, O‘zLiDeP viloyat, tuman va shahar Kengashlari mas’ul xodimlari hamda deputatlari ishtirokida Shirin shahridagi “A.Temur” MFY va Boyovut tumanidagi “Uchturgon” MFYda loyihaning navbatdagi tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbirlar davomida mahallalarda istiqomat qilayotgan faol va tashabbuskor yoshlar tomonidan ilgari surilgan startap g‘oyalar, kichik biznes rejalar va kreativ loyihalar tinglandi. Xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar hamda onlayn savdo yo‘nalishlaridagi tashabbuslar mutaxassislar tomonidan alohida e’tibor bilan o‘rganildi.
Uchrashuvlarda yoshlarga tadbirkorlikni boshlash, biznes-reja tuzish, moliyaviy manbalar, imtiyozli kredit va grantlar bo‘yicha amaliy tushunchalar berildi. Yakunda eng istiqbolli g‘oyalar tanlab olinib, keyingi bosqichga yo‘naltirish belgilandi. Bu esa mahallalarda yoshlar bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.