Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash dolzarb masala
Mamlakatimizda keyingi yillarda tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish va biznesni rivojlantirish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Biroq, amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramasdan davlat tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga asossiz ravishda aralashuv va xususiy mulk daxlsizligini buzish holatlari kuzatilmoqda.
Xususan, soʻnggi kunlarda Toshkent shahri va qator hududlarda tadbirkorlarga tegishli boʻlgan tashqi reklama vositalari, elektromobillarni quvvatlantirish qurilmalari va boshqa engil konstruksiyali ob'ektlarni majburiy demontaj qilish holatlari keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 65-moddasiga asosan, xususiy mulk daxlsizligi, mulkdor oʻz mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi belgilab qoʻyilgan.
Tadbirkorlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish va tegishli ob'ektlarni oʻrnatish jarayonida qonunchilikda belgilangan tartibda ruxsatnomalar olib, ammo, keyinchalik ularni “noqonuniy” yoki “dizayn-kodga mos kelmaydigan”, deb topib, sud qarorisiz buzib tashlashga asos boʻla olmaydi.
Qonun hujjatlariga asosan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatiga asossiz aralashish va xususiy mulk huquqini buzish uchun qat'iy javobgarlik belgilangan. Har qanday nizoli vaziyat, shu jumladan “noqonuniy qurilmalar”, deb topilgan ob'ektlar masalasi ham faqat huquqiy maydonda – sud tartibida koʻrib chiqilishi shart.
Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash zarur va quyidagi choralarni koʻrish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi:
– tadbirkorlik sub'ektlarining mulkini sud qarorisiz majburiy demontaj qilish amaliyotiga chek qoʻyilishi;
– davlat organlarining qarorlari va harakatlari tadbirkorlarga zarar etkazmasligi, aksincha, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishi lozim.
Mazkur holat yuzasidan elektorat manfaatini ifoda etgan holda tegishli davlat tashkilotlariga oʻz harakatlarini qonuniyligi yuzasidan nuqtai nazarlarini bayon etish boʻyicha Qonunchilik palatasidagi fraksiya a'zolari tomonidan deputatlik soʻrovlari yuboriladi.
Biznes faoliyati erkinligi kafolatlari va mulk huquqining himoyasini ta'minlash masalasi Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining doimiy nazoratida ekanligini ma'lum qilamiz.
Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining
Axborot xizmati