Asosiy kontentga o‘tish
Yakshanba 15-fevral 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Yuksak iqtisodiy oʼsish — strategik tanlov

14.02.2026
67

Prezidentimiz raisligida kecha boʼlib oʼtgan navbatdagi yigʼilishda mamlakat iqtisodiy taraqqiyotidagi muhim yoʼnalishlar, erishilgan natijalar va koʼrsatkichlar bilan bir qatorda, eʼtibordan chetda qolgan ayrim masalalarga ahamiyat qaratilib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Oʼtgan yil yakunlari bilan mamlakat yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga oʼsib, 147 milliard dollardan oshgani taʼkidlandi. Аytish mumkinki, bu raqamlar ortida minglab korxonalardagi modernizatsiya jarayonlari, yangi investitsiya loyihalari, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va tadbirkorlik muhitini yaxshilashga qaratilgan tizimli islohotlar turibdi.

Аyniqsa, iqtisodiyotga energiya tejamkor va ilgʼor texnologiyalarni keng joriy etish natijasida bir dollarlik qoʼshilgan qiymat yaratishga sarflangan energiya xarajatlari 15 foizga kamaygan. Bu — iqtisodiy oʼsish faqat hajm jihatidan emas, balki sifat jihatidan ham taʼminlanayotganini anglatadi. Zero, bugungi dunyoda arzon va samarali ishlab chiqarishga erishmagan mamlakat global bozorda mustahkam oʼrin egallay olmaydi.

Erishilgan natijalar zamirida iqtisodiy oʼsishning yarmidan koʼpi xizmatlar sohasi hisobiga taʼminlangani ham iqtisodiyot tarkibidagi ijobiy oʼzgarishlar sifatida namoyon boʼlgan. Bu sohada raqamlashtirish, logistika, moliya, axborot texnologiyalari va turizm kabi yoʼnalishlarda yangi imkoniyatlarning ochib berilishi, xizmatlar ulushining ortishi iqtisodiyotning diversifikatsiyasi kuchayayotganini, ichki bozor talabiga moslashuvchanlik oshganini bildiradi.

Yigʼilishda avtomobilsozlik sohasiga alohida eʼtibor qaratilib, yurtimizda yiliga 650 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega toʼrtta yirik korxona mavjudligi, bu salohiyatdan toʼliq foydalanish, kooperatsiyani chuqurlashtirish va mahalliylashtirish darajasini oshirish muhim vazifa sifatida belgilab berildi.

Joriy yilda bu boradagi koʼrsatkichlarni oshirish vazifasi qoʼyildi. Bu minglab ish oʼrinlari, soliq tushumlari va eksport imkoniyatlarini kengaytirib, aholi farovonligiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ichki bozor talabini ragʼbatlantirish maqsadida avtokredit stavkalarini pasaytirish va hajmini oshirish boʼyicha topshiriqlar berildi. Moliyaviy instrumentlarni takomillashtirish orqali aholi uchun zamonaviy avtomobil xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirish koʼzda tutilayotgani diqqatga sazovor.

Qishloq xoʼjaligi texnikasi ishlab chiqarish sohasida ham katta imkoniyatlar mavjudligi, ularning toʼliq ishga solinishi natijasida esa fermerlar yiliga kamida 15 mingta texnika sotib olishga tayyor ekani bildirildi. Bu ichki sanoat uchun barqaror talab va yangi oʼsish nuqtasi boʼlishidan dalolatdir.

Eng muhim masalalardan biri — boshqaruv sifatini oshirishdir. Shu bois davlat rahbari har bir vazir, hokim va tarmoq rahbari yangicha fikrlashga oʼtishi, sunʼiy intellekt va raqamlashtirish imkoniyatlaridan keng foydalanishi, innovatsion yondashuvlarni joriy etishi shartligini qayd etdi. Zamonaviy iqtisodiyot raqamli texnologiyalarsiz rivojlanishi mumkin emasligini esa hayotning oʼzi taqozo etmoqda.

Darhaqiqat, bugun mamlakatimiz iqtisodiyoti izchil rivojlanmoqda. Uning barqarorligini yanada taʼminlashda barcha birdek masʼul boʼlishi zarur. Qoʼyilgan vazifalar ijrosi natijadorligini kafolatlash, bu boradagi saʼy-harakatlarni joylarda, aholi oʼrtasida keng tushuntirishda deputatlar ham faol boʼlishlari ayni muddaodir. Islohotlarning izchilligi, boshqaruvning samaradorligi va jamiyatning faol ishtiroki esa bu yoʼldagi eng katta muhim mezondir.

 

Baxtiyor АRTIQOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?